• Like
  • Heart
  • Haha
  • Sad
  • Wow
  • Angry

RF Qora dengiz floti shtabiga raketa zarbasi yo‘llandi

RF Qora dengiz floti shtabiga raketa zarbasi yo‘llandi
  • 2
  • 22.09.2023 15:14:00

RF Qora dengiz floti shtabiga raketa zarbasi yo‘llandi

Anneksiya qilingan Qrimdagi Sevastopol shahri rahbari Qora dengiz floti shtabiga raketa zarbasi berilganini ma’lum qildi. Shaharga hujumlar muntazam tus olmoqda, o‘tgan haftada harbiy kemalar ta’mirlanadigan zavod hujumga uchragandi.

Ukraina armiyasi RF Qora dengiz floti shtabiga raketa zarbasi yo‘lladi. Bu haqda anneksiya qilingan Sevastopol shahri rahbari Mixail Razvojayev ma’lum qildi.

«Lunacharskiy teatri atrofiga parchalar tushgan. Bunday elementlarga duch kelganda — ularga yaqinlashmaslik va 112 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingizni iltimos qilamiz. Voqea joyiga barcha operativ xizmatlar yetib kelgan. Jabrlanganlar haqidagi ma’lumot aniqlashtirilmoqda», — degan Razvojayev.

Uning aniqlik kiritishicha, zarba ukrain armiyasi tomonidan berilgan.

U Sevastopol aholisini xotirjamlik saqlash hamda zarba oqibatlari aks etgan foto va videolarni tarqatmaslikka chaqirgan.

TASS muxbiri xabar berishicha, raketa zarbasidan keyin parchalar yuzlab kilometrlarga sochilib ketgan, voqea joyiga ko‘plab tez yordam mashinalari yetib kelmoqda. «Krimskiy veter» telegram-kanaliga ko‘ra, flot shtabi binosi oldiga o‘nta tez yordam mashinasi to‘plangan.

RF mudofaa vazirligi Sevastopolda Qora dengiz floti shtabiga qilingan hujum oqibatida bir harbiy halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Vazirlik yarimorol ustida ukrainlarning beshta raketasi urib tushirilgani, yana bir raketa flot shtabi binosiga kelib urilganini tasdiqlagan. 

Voqea joyida olingan fotosuratlarda ko‘rish mumkinki, shtab binosi tomi va kamida yuqori qavatlardan kamida bittasi vayron bo‘lgan. Tom qismida yong‘in chiqqan.

Sevastopol rahbari yana bir hujum bo‘lishi mumkinligini bildirgan. «Shahar markaziga kelmaslik so‘raladi. Binolardan tashqariga chiqmang», — degan u telegramda. Mahalliy vaqt bilan soat 14:15 atrofida u raketa va aviatsiya xavfi ariganini aytdi, ammo aholidan Sevastopol markazidagi ko‘chalarga kelishdan tiyilishni so‘radi.

Razvojayevning raketa zarbasi to‘g‘risidagi bayonotidan oldinroq Sevastopol aholisi havo hujumidan mudofaa tizimi ishlayotgani ovozlari eshitilayotgani haqida xabar berishgan, deb yozadi «Ostorojno, novosti» telegram-kanali.

Kiyev Qora dengiz floti shtabi bo‘ylab berilgan raketa zarbasi haqidagi xabarlarni izohlamagan. Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andriy Yermak hujum haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan vaqtda telegram-kanalida «War Machine» guruhining AC/DC trekini joylashtirgan.

2022 yil 31 iyul kuni ham Sevastopoldagi Qora dengiz floti shtabi hujumga yo‘liqqandi. O‘shanda Razvojayev flot shtabi hovlisiga dron kelib urilgani, shtabning kamida besh nafar xodimi yaralanganini aytgandi.

Anneksiya qilingan Qrim rasmiylari bu kuzda muntazam ravishda ham raketa zarbalari, ham dron hujumlari haqida xabar berib kelmoqda, jumladan, Sevastopolga, bu yerda Qora dengiz floti shtabidan tashqari harbiy aerodromlar va boshqa harbiy obektlar joylashgan.

Ikki kun muqaddam Razvojayev havo hujumidan mudofaa kuchlari Sevastopolga raketa hujumini qaytargani haqida xabar bergandi. Ukraina nashrlari esa mamlakat xavfsizlik xizmatiga havola bergan holda, 20 sentabr tongida Qora dengiz flotining Sevastopol yaqinidagi qo‘mondonlik punktiga zarba berilgani haqida yozgandi.

O‘tgan haftada, 13 sentabr kuni, Sevastopolning Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati shaharda joylashgan Sevastopol dengiz zavodiga hujum uyushtirilganini tasdiqlagandi.

O‘shanda RF mudofaa vazirligi ikkita harbiy kema shikastlangani haqida xabar berish bilan cheklangandi, tadqiqotchi jurnalistlar esa keyinroq dokda turgan suvosti kemasi jiddiy darajada shikastlangani aks etgan fotosuratlarni namoyish etgandi. Ularning tasdiqlashicha, bu «Varshavyanka» loyihasining «Rostov-na-Donu» nomli dizel-elektr suvosti kemasi edi. U 2014 yilda suvga tushirilgan va Suriyadagi harbiy amaliyotda ishtirok etgan.

Ukraina hukumati yarimoroldagi obektlarni legitim harbiy nishonlar sifatida belgilagan.

Manba: daryo.uz

Copyrights © 2022 All Rights Reserved by Casia News