
- 0
- 16.01.2026 16:02:00
- 1 daq o'qish
2026-yil 1-fevraldan boshlab “Afrosiyob” yuqori tezlikdagi elektropoyezdlari uchun chipta narxlari 15 foizga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari aksiyadorlik jamiyati ma’lum qildi. Narxlarning oshirilishi texnik xizmat ko‘rsatish va ekspluatatsiya xarajatlarining ortgani bilan izohlanmoqda. Shuningdek, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasida saqlab qolish zarurati qayd etildi. Bundan tashqari, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” yo‘lovchi poyezdlari chiptalari narxlari ham 15 foizga oshiriladi. Yangi tariflar belgilangan sanadan boshlab amal qiladi. Yangi tariflarga ko‘ra, Toshkent–Buxoro yo‘nalishida VIP toifa chipta narxi 1 138 000 so‘m, biznes — 760 000 so‘m, ekonom — 509 000 so‘m etib belgilandi. Toshkent–Qarshi yo‘nalishida VIP — 976 000 so‘m, biznes — 642 000 so‘m, ekonom — 429 000 so‘mni, Toshkent–Samarqand yo‘nalishida esa mos ravishda 709 000, 455 000 va 311 000 so‘mni tashkil etadi.