“Siz xalqingizni chin dildan sevasiz” — Saudiya investori Mirziyoyevga murojaat qildi

“Siz xalqingizni chin dildan sevasiz” — Saudiya investori Mirziyoyevga murojaat qildi
  • 3
  • 16.10.2025 15:26:00
  • 2 min read

ACWA Power rahbari: «Haftasiga 7 kun, kuniga 20 soat ishlaydigan hukumatni faqat O‘zbekiston va Saudiyada ko‘rdim»

Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi hukumat va jamoaning fidoyiligini yuqori baholadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi 8 yilda amalga oshirilgan islohotlar va yutuqlar “ko‘plab davlatlar asrlar davomida bajara olmagan ishlardir”.

“Bu darajadagi o‘zgarishlarga erishgan ikki yetakchini bilaman — siz va Saudiya Arabistoni valiahdi, bosh vazir Muhammad bin Salmon”, — dedi Abunayyan.

U prezidentning “buyuk vijdoni va fidoyilik mehnati” natijasida mamlakatda yangi tarix yaratilganini ta’kidladi.

“Men dunyoning 24 ta rahbari bilan uchrashganman, lekin o‘z xalqini sizdek sevgan rahbarni ko‘rganim yo‘q. Shu sababli xalqingiz ham sizni sevadi”, — dedi u.

Abunayyan, shuningdek, O‘zbekiston hukumati investorlar uchun teng imkoniyatlar yaratgani va ochiqlik siyosatini yo‘lga qo‘ygani uchun minnatdorlik bildirdi.

“Butun dunyo bugun sizni kuzatmoqda va sizdan o‘rganmoqda. Siz yetakchilik qilayotgan hukumat haftasiga 7 kun, kuniga 18–20 soat ishlaydi — bunday fidoyilikni men faqat O‘zbekiston va Saudiyada ko‘rganman”, — dedi ACWA Power rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bugun nafaqat investorlar, balki turistlar va xalqaro hamkorlar uchun ham tobora jozibador mamlakatga aylanmoqda.

“Mening ikki ustozim bor: biri — valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon, ikkinchisi — siz, janob prezident. Sizdan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim”, — deya nutqini yakunladi Abunayyan.

📍 Eslatma: Yangi Toshkent aeroporti loyihasi Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) va Incheon International Airport Corporation (Koreya) hamkorligida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichning qiymati 2,5 milliard dollar bo‘lib, loyiha to‘liq ishga tushgach, aeroport yiliga 20 million yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News