
- 0
- 31.07.2026 17:13:00
- 1 min read
2026-yil 30-iyul kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida davlat ijtimoiy sug‘urtasi hamda pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Bitimga ko‘ra, ikki davlat hududida ishlagan fuqarolarning pensiya huquqlari o‘zaro tan olinadi. Har bir davlat fuqaroning o‘z hududida orttirgan mehnat staji uchun pensiyani mustaqil hisoblaydi va to‘laydi. Pensiya miqdori esa o‘sha davlat qonunchiligiga muvofiq ish staji, ish haqi yoki to‘langan sug‘urta badallari asosida belgilanadi.
Shuningdek, fuqarolar bir davlatda tayinlangan pensiyasini boshqa davlatga ko‘chib o‘tganidan keyin ham olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bitimda dafn etish nafaqasi, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish hamda vakolatli organlar o‘rtasida axborot almashish masalalari ham nazarda tutilgan.
Mazkur hujjat O‘zbekiston va Qirg‘izistonda mehnat qilgan fuqarolarning pensiya huquqlarini himoya qilish va ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.