Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotini o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotini o‘tkazdi
  • 6
  • 18.08.2026 13:10:00
  • 2 min read

Bugun Shavkat Mirziyoyev Xorazmda an’anaviy tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotini o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Tadbirda 500 nafarga yaqin tadbirkor bevosita, ilk bor tumanlardagi studiyalardan yana 25 mingga yaqin biznes vakillari qatnashgan.

Davlat rahbari tomonidan:

– tadbirkorlik uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini ta’minlash,

– hududlarda biznes imkoniyatlarini oshirish,

– “sun’iy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investitsiyalar” ekotizimini yaratish,

– eksport salohiyatini oshirish, milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish,

– biznesga ma’muriy bosimni keskin kamaytirish yo‘nalishlarida muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Qayd etilishicha, 5 yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish anʼanasi boshlanganidan beri biznesga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim berilgan. Bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilingan.

O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi. Tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi.
Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qildi.

Besh yilda korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyasi 3 karra ko‘payib, 363 trillion so‘mga yetdi. Sanoati 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga koʻpaydi.
Axborot texnologiyalari, fintex va boshqa servis sohalarining jadal rivojlanayotgani hisobiga xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mlik marradan o‘tgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga yetdi. Yetakchi xalqaro marketpleyslar bilan ishlayotgan korxonalar esa 3,5 mingtani tashkil etmoqda.
Biznesini mahallada boshlab, O‘zbekiston bo‘ylab o‘nlab filiallarga ega bo‘lgan tadbirkorlar 550 tadan, milliy brendini yaratganlar 300 tadan oshdi.
So‘nggi yillarda mis, oltin, metall prokat, polietilen, PVX, kaolin va boshqa xomashyolarning taklifi oshirildi. Natijada elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va mebelsozlik kabi sohalarda “katta sakrash” qilindi.
Elektromobil, polimer va maishiy kimyo, “yashil” energetika, zargarlik sanoati kabi yangi yo‘nalishlar shakllandi. “BYD”, “ADM Jizzakh”, “Sirdaryo Asaka Motors” kabi zamonaviy avtomobil zavodlari sohaga yangi kompetensiya va texnologiyalar olib kirdi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News