O'zbekistonlik talaba Seuldagi tanlovda sovrinli o'rinni egalladi

O'zbekistonlik talaba Seuldagi tanlovda sovrinli o'rinni egalladi
  • 19
  • 08.11.2025 10:02:00
  • 2 min read

O‘zbekiston sharafi yana bir bor jahon sahnasida baland yangradi. 2025 yil 1 oktyabr kuni Koreya Respublikasining eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri sanalgan Yonse universitetida Koreya tili va adabiyoti bo‘yicha 31-xalqaro ijodiy tanlov bo‘lib o‘tdi. Tanlov Xangul yaratilganining 579 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bo‘lib, unda 76 mamlakatdan 1400 dan ortiq xorijlik va xorijdagi koreyslar qatnashdi. Ishtirokchilar “Oyna” mavzusidagi she’r va “Xotiralar” mavzusidagi esse orqali o‘z tafakkuri va madaniy hissiyotlarini namoyon qilishdi. Bu nufuzli ijod maydonida O‘zbekiston sharafini Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 4-bosqich talabasi Sabohat G‘ofurova himoya qildi. U xorijliklar orasida birinchi o‘rinni, barcha ishtirokchilar (koreyslar bilan qo‘shib hisoblaganda) orasida esa umumiy hisobda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu o‘zbekistonlik talaba uchun ulkan yutuq, mamlakatimiz uchun esa iftixor manbai sifatida qayd etildi. 1885 yilda tashkil etilgan Yonse universiteti Koreya ta’lim tizimining g‘urur ramzi sanaladi. Uni ko‘pincha “Osiyoning Garvardi” deb atashadi. Universitet dunyo ilmiy va madaniy markazlari orasida alohida o‘ringa ega. U yerda fan, texnologiya, lingvistika va xalqaro munosabatlar bo‘yicha yetakchi olimlar yetishib chiqadi. Universitet muhiti intellektual erkin fikr, ijodiy yondashuv va madaniyatlararo muloqotlarga katta ahamiyat beradi. Shunday bilim va madaniyat markazida o‘zbek qizining g‘olib bo‘lishi tasodifiy holat emas. Bu mehnat, mardlik, ruhiy yetuklik va o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadga sodiq qolish natijasidir. Sabohat tomonidan yozilgan asar hakamlarda katta taassurot qoldirdi. U tilni faqat grammatika yoki lug‘at darajasida emas, balki ruhiy olam, shaxsiy xotira, inson ko‘nglidagi nozik kechinmalar orqali ochib berdi. Uning ishida samimiyat, hissiyot va madaniyatni teran anglash bor edi. U ijod orqali nafaqat tilni, balki insonni his qilish mumkinligini namoyon qildi. Sabohatning natijasi bir kunlik mehnat emas. Bu yillar davomida tilni o‘rganish, madaniyatni anglash, adabiyot bilan yashash va o‘zini takomillashtirish yo‘lida bosib o‘tilgan uzoq masofa. Shu bilan birga, bu yutuq O‘zbekistonda so‘nggi yillarda xorijiy tillar va xalqaro ta’lim yo‘nalishlariga katta e’tibor berilayotganining yorqin isbotidir. Ilm, muhit va shaxsiy iroda birlashganda natija shunday bo‘ladi. Sabohat G‘ofurova g‘alabasi O‘zbekiston yoshlari jahon miqyosida raqobat qila olishini yana bir bor isbotladi. Bu g‘alaba til, madaniyat va bilim insonni chegaralardan yuqori ko‘tarishi mumkinligini namoyon etdi. Bugun o‘zbek yoshlari dunyoga ko‘z tikmagan emas, dunyo sahnasida o‘z o‘rnini egallashga tayyor.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News