
- 3
- 24.10.2026 09:36:00
- 1 min read
Britaniyaning UK Antarctic Heritage Trust tashkiloti Antarktidadagi Port-Lokroy stansiyasida ishlash uchun xodimlar izlamoqda. Ish olti oyga mo‘ljallangan bo‘lib, oylik maosh 2 096 funt sterlinggacha — taxminan 2 500 yevroni tashkil etadi.
Xodimlar pingvinlar va ularning tuxumlarini sanaydi, muzey hamda suvenirlar do‘konida ishlaydi, shuningdek, dunyoning eng janubiy pochta bo‘limiga xizmat ko‘rsatadi. Tashkilot ishchilarni turar joy, oziq-ovqat va issiq kiyim bilan ta’minlaydi. Biroq sharoit ancha og‘ir: stansiyada suv quvuri, mobil aloqa va tibbiy yordam yo‘q. Xodimlar suv tashishi, qor tozalashi va og‘ir yuklarni ko‘tarishi ham kerak.
Nomzodlar kamida 18 yoshda bo‘lishi lozim. Ilmiy ma’lumot talab etilmaydi, ammo jismoniy tayyorgarlik muhim. Pingvinlarni sanash natijalari olimlarga ularning sonidagi o‘zgarishlarni va turizm ta’sirini o‘rganishga yordam beradi.
Port Lokroy – 1944-yilda tashkil etilgan sobiq Britaniya tadqiqot bazasi. Bugungi kunda bu Antarktika kruizlarining mashhur bekati bo‘lib, yozda bu yerga har kuni sayyohlardan iborat ikkita kema kelishi mumkin.