
- 15
- 29.09.2025 14:40:00
- 3 min read
2025 yilning sentyabr oyi ayniqsa tashqi siyosatimizda o‘ziga xos davr sifatida muxrlandi. O‘zbekiston Prezidenti bor-yo‘g‘i ikki haftalik muddat oralig‘ida dunyoning eng yirik ikki davlati, iqtisodiy gegemonlari Xitoy va AQSHga tashrif buyurdi.
Bunday keng ko‘lamli voqeani O‘zbekiston tashqi siyosiy hayotida kamdan kam uchraydigan hodisa, deyish mumkin. Siyosatshunoslar ayniqsa, AQSHga tashrif vaqt tig‘izligiga qaramay, uchrashuvlarga boy va sermazmun ahamiyat kasb etgani, yakunda ko‘plab yirik kelishuvlarga erishilganini o‘zbek diplomatiyasining yutug‘i sifatida baholamoqda.
AQSHga tashrifning global siyosiy konteksti
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqi xalqaro siyosiy maydonda ancha muhokama bo‘lmoqda. Chindan ham, tashrif O‘zbekiston tashqi siyosatining tubdan yangilangan, insonparvar va amaliy natijador tabiatiga ishora qiluvchi muhim geosiyosiy voqelikdir.
Davlatimiz rahbarining dunyoning eng yirik geosiyosiy va geoiqtisodiy markazlaridan biri bo‘lgan davlatga tashrifi xalqaro munosabatlardagi yirik tebranishlar davriga to‘g‘ri keldi. Xususan, Rossiya-Ukraina mojarosi, AQSH–Xitoy munosabatlaridagi keskinlik, Gʻazo sektoridagi qirg‘inbarotlarning avj olishi, Afg‘onistonda davom etayotgan murakkab vaziyat — bunday sharoitda har bir mamlakatning tashqi siyosati nafaqat tashqi muhitga moslashish, balki unga ta’sir o‘tkazish strategiyasini talab etadi.
Shunday murakkab geosiyosiy kontekstda AQSH–O‘zbekiston munosabatlarining faollashuvi, bu aloqalarning yangi mazmun bilan boyishi alohida e’tiborga molik. Ya’ni Nyu-yorkda o‘tgan bir necha muhim kun ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik muloqotning tom ma’noda yangi cho‘qqilarini belgiladi.
O‘zaro manfaatli kelishuvlar
Davlatimiz rahbarining tashrifi doirasidagi asosiy e’tibor AQSH rasmiylari, jahon moliya institutlari, transmilliy korporatsiyalar va intellektual doiralar bilan uchrashuvlarga qaratildi. Ushbu muloqotlar natijasida quyidagi muhim kelishuvlarga erishildi:
• Energetika va “yashil” iqtisodiyot sohasida strategik sheriklik: qayta tiklanuvchi energiya manbalariga investisiyalar jalb etish, zamonaviy texnologiyalar asosida elektr infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihalari.
• Ta’lim va inson kapitali bo‘yicha hamkorlik: AQSH universitetlari bilan qo‘shma dasturlar, yoshlarni STEAM sohalariga yo‘naltirish, raqamli savodxonlikni oshirish.
• Sanoat kooperatsiyasi va eksport salohiyatini oshirish: AQSH investorlarini O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalarga jalb qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar.
• Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar: amerikalik startaplar, texnologik xablar va O‘zbekistondagi IT-parklar o‘rtasida hamkorlik kelishuvlari.
Bu natijalar nafaqat ikki tomonlama aloqalar, balki O‘zbekistonning ichki islohotlari, jumladan sanoatlashtirish, raqamlashtirish va inson kapitali rivoji kabi ustuvor yo‘nalishlarga strategik impuls beradi. Boshqacha aytganda, bu tashrif faqat tashqi siyosatning yutug‘i emas, balki ichki rivojlanish dasturlariga ham xizmat qiladigan voqelikdir.
O‘zbekiston tashqi siyosatining salmoqli yutug‘i
Prezidentimizning ushbu tashrifi o‘zbek diplomatiyasining ham yutug‘i bo‘ldi deyish mumkin. Bu yerda diplomatiya faqat rasmiy uchrashuvlar va notiqlik bilan chegaralanmadi. Tashrifni samarali tashkil etish uchun tashqi siyosatga mas’ullar faol harakat qildi.
Tashrifning strategik va tashkiliy jihatlari puxta ishlandi, diplomatik kanallar orqali har bir uchrashuvning mazmunli o‘tishiga harakat qilindi, AQSHdagi elchixonamiz amerika siyosiy va biznes doiralari bilan faol ishladi, bu yurtdagi vatandoshlarimiz, tadbirkorlarimiz va yoshlardan bilan uchrashuv esa tashrifning ijtimoiy samaradorligini oshirdi.
Bunday kompleks yondashuv, tashqi siyosatning faqat Tashqi ishlar vazirligi zimmasida emasligi, balki butun davlat apparati va jamiyatning ishtirokini talab qiladigan jarayonga aylanganini ko‘rsatadi. Bu, ayni paytda, Qozog‘istonda kuzatilayotgan kadrlar o‘zgarishi — tashqi siyosat yo‘nalishidagi mas’ullarning iste’fosi fonida O‘zbekiston tomoni tashrifni naqadar puxta tashkil qilgani yaqqol sezilmoqda.
Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi — bu shunchaki rasmiy tashrif emas, balki tashqi siyosat, ichki siyosiy barqarorlik va davlat imidjini shakllantirish jarayonlarining chuqur uyg‘unlashgan natijasi sifatida namoyon bo‘ldi.
Uning samarasi shunchaki shartnomalar imzolanishi yoki rasmiy uchrashuvlar bilan chegaralanmadi. Balki murakkab geosiyosiy sharoitda pragmatik tashqi siyosatni olib borish, xalqaro muloqotda milliy manfaatlarni qat’iy himoya qilish va jahon sahnasida O‘zbekistonning o‘rnini mustahkamlashdek keng qamrovli maqsadlar amalga oshirildi.
Shu bois, bu tashrifni haqli ravishda tarixiy ahamiyatga ega diplomatik muvaffaqiyat deyish mumkin.
Adhambek Rashidbekov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
bo‘lim boshlig‘i