Kadastr tizimini isloh qilish bo‘yicha yangi takliflar taqdim etildi

Kadastr tizimini isloh qilish bo‘yicha yangi takliflar taqdim etildi
  • 0
  • 04.08.2026 17:59:00
  • 2 min read

Prezident Shavkat Mirziyoyevga Kadastr agentligi faoliyatini takomillashtirish, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish hamda raqamlashtirish bo‘yicha yangi takliflar taqdim etildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.


Ma’lum qilinishicha, so‘nggi ikki yilda 1,2 milliondan ortiq ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazilib, qo‘shimcha 16,5 ming gektar yer va 49 million kvadrat metr qurilish maydoni aniqlangan. Shuningdek, 270 mingta obyekt kadastr bazasiga kiritilib, yiliga 315 milliard so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi shakllantirilgan. Hozirda kadastr xizmatlarining qariyb 90 foizi onlayn ko‘rsatilmoqda.
Shu bilan birga, tizimda qator muammolar ham saqlanib qolayotgani qayd etildi. Joriy yilning birinchi yarmida kadastr xizmatlari bo‘yicha kelib tushgan 1 milliondan ortiq arizaning 330 mingdan ziyodi rad etilgan. Murakkab tartib-taomillar, ortiqcha bosqichlar va takroriy to‘lovlar fuqarolar uchun qo‘shimcha vaqt va xarajatlarni yuzaga keltirayotgani ta’kidlandi.
Taqdimotda bu muammolarni bartaraf etish maqsadida xizmatlarni “bitta ariza – bitta to‘lov” tamoyili asosida tashkil etish, qaror qabul qilish vakolatlarini hududiy bo‘linmalarga o‘tkazish hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini to‘liq onlayn shaklga o‘tkazish taklif qilindi.
Yangi tartib asosida ayrim xizmatlar proaktiv tarzda ko‘rsatilishi, ortiqcha arizalar soni qisqarishi va ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni bir necha soniyada amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, noqonuniy qurilishlar va ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq ma’muriy javobgarlikni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan ham takliflar bildirildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga kadastr xizmatlarini yanada soddalashtirish, ortiqcha byurokratik tartiblarni qisqartirish, hududiy bo‘linmalar vakolatlarini kengaytirish hamda tizim xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News