Navoiy hokimligi mahalla obodonchiligi suratlarini sun’iy intellektda tayyorladi

Navoiy hokimligi mahalla obodonchiligi suratlarini sun’iy intellektda tayyorladi
  • 4
  • 10.08.2026 15:08:00
  • 1 min read

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy shahar hokimligi “Hayot” mahallasidagi “Zarb­dor 40 kunlik” tadbirlari yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan suratlar sun’iy intellekt yordamida o‘zgartirilgani haqida fikrlar tarqalgan edi.
Hokimlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, suratlarni tayyorlash jarayonida haqiqiy o‘zgarishlarni yanada ko‘rgazmali va sifatli ko‘rsatish maqsadida sun’iy intellekt elementlaridan foydalanilgan. Biroq tayyorlangan materiallar ijtimoiy tarmoqlarda yetarlicha tekshiruvdan o‘tkazilmasdan e’lon qilingan.

Hokimlik yuzaga kelgan holat va jamoatchilikning e’tirozlari uchun fuqarolardan uzr so‘ragan. Suratlarni tayyorlashga mas’ul xodimlar ogohlantirilgan. Kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun hokimlik axborot xizmati faoliyati ustidan nazorat kuchaytirilishi ma’lum qilingan. Hokimlik “Hayot” mahallasida obodonlashtirish va aholi turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha ishlar haqiqatdan ham amalga oshirilganini ta’kidlagan. Buni tasdiqlash uchun mahalladan olingan, haqiqiy surat va videolar ham e’lon qilingan. Shuningdek, hokimlik jamoatchilik vakillarini mahallaga tashrif buyurib, amalga oshirilgan ishlarni o‘z ko‘zlari bilan baholashga taklif qilgan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News