
- 2
- 21.09.2026 14:26:00
- 1 min read
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni mamlakat maktablarida burqa va niqob kiyishni taqiqlash hamda sinflardagi xorijlik o‘quvchilar sonini cheklash rejasini ma’lum qildi.
Melonining aytishicha, maktab tizimiga moslashishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan xorijlik o‘quvchilarning ota-onalari uchun italyan tili darslari majburiy qilinadi. Uning ta’kidlashicha, Italiyada yashash va kelajak qurishni istaganlar mamlakat tili, madaniyati va qoidalarini bilishi kerak.
Ayni paytda Italiyada burqa va niqobga to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiq mavjud emas. 1975-yildagi qonun shaxsni aniqlashga xalaqit beradigan kiyimlardan foydalanishni cheklaydi. 2008-yildagi sud qarorida esa diniy yoki madaniy sabablar bilan yuzni to‘liq yopishga ruxsat berilishi, biroq shaxsni aniqlash talab qilinganda yuz ochilishi kerakligi belgilangan.
Meloni, shuningdek, sinflardagi xorijlik o‘quvchilar soniga qonuniy cheklov kiritilishini aytdi. Biroq Italiyada bunday cheklov allaqachon mavjud bo‘lib, xorijlik o‘quvchilar ulushi 30 foizdan oshmasligi kerak.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlar hukumat tomonidan ma’qullangach, qonunga aylanishi uchun parlament tomonidan 60 kun ichida tasdiqlanishi kerak.