Ozarbayjonda hijob mojarosi: maktablarga hujum qilindi

Ozarbayjonda hijob mojarosi: maktablarga hujum qilindi
  • 8
  • 12.10.2026 16:36:00
  • 1 min read

Ozarbayjonning ayrim maktablarida hijob o‘ragan o‘quvchi qizlar darslarga kiritilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, Jalilobod tumanida hijobda kelgan o‘quvchilar maktab eshigidan qaytarilib, uylariga yuborilayotgani aytilmoqda. Bu holat mamlakatdagi dindor aholi orasida noroziliklarga sabab bo‘lgan.

Mojaro 21-sentabr kuni Ozarbayjon Vazirlar Mahkamasi davlat maktablaridagi kiyinish qoidalariga o‘zgartirish kiritganidan keyin kuchaydi. Yangi qoidalarda dunyoviy ta’lim tamoyiliga mos kelmaydigan qo‘shimcha kiyim elementlariga cheklov belgilangan. Biroq hujjatda hijobni taqiqlash haqida bevosita aytilmagan.

12-oktabr kuni Bokuda maktab kiyinish qoidalari bilan bog‘liq mojaro yanada keskinlashdi. Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bir guruh shaxslar maktab xodimlari bilan ziddiyatga borgan, davlat ta’lim muassasalariga zarar yetkazgan hamda transport harakati va maktablarning normal faoliyatiga xalaqit berishga uringan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 37 kishi hibsga olingan. Rasmiylar ularning harakatlarini jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish bilan izohlagan.

Hozircha Ozarbayjon hukumati hijobni rasman taqiqlaganini tasdiqlamagan. Shunga qaramay, hijobli o‘quvchilar va o‘qituvchilarning maktablarga kiritilmayotgani haqidagi xabarlar hamda kiyinish qoidalari atrofidagi bahslar davom etmoqda.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News