
- 2
- 20.10.2026 18:51:00
- 1 min read
AQSH davlat kotibi Marko Rubio Samarqandda bo‘lib o‘tgan Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev amalga oshirgan islohotlar hamda Saida Mirziyoyevaning faoliyatini e’tirof etdi.
Rubioning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada kengaydi. U bu jarayonda Donald Tramp ma’muriyatining e’tibori va O‘zbekistondagi islohotlar muhim rol o‘ynaganini qayd etdi.
“Siz mamlakatingizni dunyoga ochdingiz. Eng muhimi, Qo‘shma Shtatlar va Prezident Trampni hamkor sifatida qabul qildingiz”, — dedi Rubio Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib.
Shuningdek, AQSH davlat kotibi biznes va investitsiya kengashi hamraislari — Serjio Gor va Saida Mirziyoyevaga hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
“Saida nihoyatda iste’dodli, aqlli va mehnatkash inson”, — deya ta’kidladi Rubio.
Uning aytishicha, ikki davlat hamda S5+1 formati doirasidagi hamkorlik davlatlar va xususiy sektor imkoniyatlarini birlashtirib, biznes aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Rubio AQSH O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatida ekanini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston joriy yil oxirida AQSHda o‘tkaziladigan G20 sammitiga kuzatuvchi sifatida taklif etilayotganini ma’lum qildi.