
- 9
- 06.11.2025 12:21:00
- 1 min read
So‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, 18–29 yoshdagi Z avlod tarixdagi eng baxtsiz avlod hisoblanadi. Garvard va Beylor universiteti olimlari 22 mamlakatdan 200 mingdan ortiq insonni o‘rganib, yoshlar orasida quvonch va hayotdan qoniqish darajasi ancha pasayganini aniqladi. Tadqiqot “Fortune” jurnalida e’lon qilingan.
Avvallari odamlar eng baxtli davrni yoshlikda boshdan kechirgan, keyin o‘rta yoshda pasaygan va qarilikda yana oshgan. Endi esa bu “baxt egri chizig‘i” tekislangan: yoshlar quvonch hissini ertaroq yo‘qotmoqda va uni qaytarish uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lmoqda.
Tadqiqotchilarga ko‘ra, Z avlod xavotir, depressiya, moliyaviy qiyinchilik va hayot ma’nosining yo‘qligidan shikoyat qiladi. Ko‘pchilik o‘zini yolg‘iz, foydasiz va kelajagiga ishonchsiz his qilmoqda. Olimlar bunga jamiyat bosimi, siyosiy noaniqlik va doimiy salbiy xabarlar oqimi sabab bo‘layotganini aytadi. Agar bu tendensiya davom etsa, “baxtli yoshlik” haqidagi tushunchani qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.