
- 0
- 06.08.2026 17:19:00
- 1 min read
BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) kuchli El Nino hodisasi 2027-yil oxirigacha dunyoning eng nochor hududlarida 49 million kishini o‘tkir oziq-ovqat tanqisligiga duchor qilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Hisobotga ko‘ra, juda kuchli El Nino yuz berish ehtimoli 81 foizni tashkil etadi. Natijada o‘tkir oziq-ovqat tanqisligiga uchrayotganlar soni 274 million kishiga yetishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, eng katta xavf Markaziy Amerika, Janubiy Afrika, Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlariga tahdid solmoqda. Ushbu hududlarda qurg‘oqchilik, kechikkan musson yomg‘irlari, suv toshqinlari va hosildorlikning pasayishi kutilmoqda. WFP hukumatlar va xalqaro tashkilotlarni El Nino oqibatlariga oldindan tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi.
El Nino — bu Tinch okeanidagi suv odatdagidan ancha isib ketishi natijasida yuzaga keladigan tabiiy hodisa. Okean suvining isishi dunyo bo‘ylab ob-havoga ta’sir qiladi: ayrim hududlarda qurg‘oqchilik, boshqalarida esa kuchli yomg‘ir, suv toshqinlari va hosilning kamayishiga sabab bo‘ladi. Shu bois oziq-ovqat tanqisligi va ocharchilik xavfi ortadi.