
- 8
- 11.11.2025 19:01:00
- 1 min read
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Yangi Toshkentda zamonaviy futbol stadioni qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.
Qiymati 100 million dollar bo‘lgan stadion 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, u FIFA talablari asosida barpo etiladi. Yangi inshoot Osiyodagi eng yirik va zamonaviy stadionlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Davlat rahbari ta’kidlashicha, Yangi Toshkent mamlakatning yangi imkoniyatlar va ilg‘or g‘oyalar markaziga aylanadi. Stadion “yashil energiya”, “aqlli boshqaruv” va “qulay muhit” tamoyillariga asoslanib, tabiat bilan uyg‘un holda quriladi.
Prezident, shuningdek, O‘zbekiston futbolining so‘nggi yillardagi yutuqlarini sanab o‘tdi — milliy terma jamoa ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, yoshlar jamoasi Osiyo chempioni bo‘ldi, 20 nafar futbolchining umumiy transfer qiymati 60 million dollardan oshdi. Yangi stadion 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkaziladigan 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘yinlariga mezbonlik qilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan tayyorgarlik bo‘yicha alohida davlat dasturi qabul qilinadi.
Prezident tamal toshini qo‘yib, Yangi Toshkent stadionining qurilishini rasman boshlab berdi.