
- 2
- 09.10.2025 12:37:00
- 1 min read
Toshkent viloyatidagi shifoxonada muddatidan avval — homiladorlikning 33–34-haftasida kesarcha kesish yo‘li bilan tug‘ilgan siam egizaklari noyob jarrohlik amaliyoti orqali ajratib olindi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, operatsiya besh soat davom etgan bo‘lib, u Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi malakali shifokorlar guruhi tomonidan amalga oshirilgan. Vazir Asilbek Xudayarov chaqaloqlar holidan shaxsan xabar olgan va bu operatsiyani “mamlakat tibbiyotining yangi bosqichga ko‘tarilganining dalili” deb baholagan. Uning ta’kidlashicha, bunday murakkab amaliyotlar hatto rivojlangan davlatlarda ham kam hollarda bajariladi. Siam egizaklarini ajratish jarayonida ishtirok etgan shifokorlar “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Chaqaloqlar va ularning onasiga shifoxonadan uyiga javob berilgan.