
- 3
- 13.08.2026 14:24:00
- 1 min read
O‘zbekistonda “diniy ekstremizm” tushunchasi “ekstremizm” atamasi bilan almashtiriladi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida ma’lum qilindi. Senatga ko‘ra, ushbu qonun ekstremizmni muayyan din bilan bog‘lashga yo‘l qo‘ymaslik va qonunchilikda yagona huquqiy yondashuvni ta’minlash maqsadida senatorlar tomonidan ma’qullangan.
Bundan tashqari, “ekstremizm” tushunchasiga aniq sakkizta xatti-harakat asosida ta’rif belgilanmoqda. Bu huquqni qo‘llash amaliyotida tushunchaning subyektiv yoki kengaytirilgan talqin qilinishining oldini olishga qaratilgan.
Shuningdek, yangi qonun bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda qator boshqa qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlash, ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek, ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarining ramzlarini tarqatish yoki namoyish etish maqsadida tayyorlash va saqlash birinchi marta sodir etilganda ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Jinoiy javobgarlik esa bunday qilmish ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin takror sodir etilgandagina yuzaga keladi.
Xususan, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarni tuzish, ularga rahbarlik qilish va ishtirok etish uchun jazolar tabaqalashtiriladi. Tashkilotlarda ishtirok etganlik uchun yengilroq, ularni tuzish yoki boshqarish uchun esa og‘irroq jazo choralarini belgilash ko‘zda tutilmoqda.