
- 4
- 18.09.2026 14:32:00
- 1 min read
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Kegeyli tumanidagi “ADM Agro” korxonasining sanoatlashgan intensiv bog‘ini ko‘zdan kechirdi.
Qayd etilishicha, 55 milliard so‘mlik loyiha doirasida 330 gektar maydonda bog‘ barpo etilgan. Hozirda, 69 gektarga AQSh seleksiyasidan o‘tgan 250 ming tup qora olxo‘ri ko‘chati ekilib, bog‘da mahalliy aholi uchun 100 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.
Shuningdek, hududda tomchilatib sug‘orish va yopiq drenaj tizimlari joriy etilgan. Bu orqali suv sarfi 60 foizgacha tejalmoqda. Daraxtlar orasiga pomidor ham ekilgan bo‘lib, har gektardan o‘rtacha 40–45 tonna hosil olish rejalashtirilgan.
Bog‘da yetishtirilgan mevalarni quritish va qayta ishlash imkoniyati ham mavjud bo‘lib, mahsulotlarni Xitoy, Janubiy Koreya va Rossiyaga eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.
Mazkur tajribani Qoraqalpog‘istonning boshqa hududlariga ham joriy etib, intensiv bog‘lar maydonini 10 ming gektarga yetkazish va 40 mingta doimiy hamda mavsumiy ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Tashrif yakunida fermerlar davlat rahbariga Qoraqalpog‘iston taraqqiyotiga qaratilayotgan doimiy e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.