
- 3
- 11.09.2026 11:00:00
- 1 min read
Toshkentda avtobus va metro yo‘lkirasini 1-oktabrdan oshirish taklif qilinmoqda. Tegishli qaror loyihasi hozir jamoatchilik muhokamasida.
Unga ko‘ra, avtobus va metroda naqd to‘lov 3 ming so‘m, bir martalik elektron to‘lov esa chegirma bilan 2,5 ming so‘m bo‘lishi mumkin. Transport kartalaridan foydalanuvchilar uchun kunlik, haftalik va oylik tariflar ham belgilanadi. Masalan, avtobus uchun bir oylik tarif 250 ming so‘m, avtobus va metrodan birgalikda foydalanish uchun esa 345 ming so‘m etib belgilanishi taklif qilinmoqda.
Transport vazirligi yo‘lkira oshirilishi yuzasidan izoh berib, amaldagi tarif jamoat transportini saqlash va ishlatish xarajatlarining faqat bir qismini qoplashini ma’lum qildi. Qolgan xarajatlarning katta qismi davlat budjeti hisobidan qoplanmoqda.
Vazirlikka ko‘ra, tarif o‘zgarishi bilan birga qatnovlarning muntazamligi, transportning texnik holati va tozaligi, yo‘lovchilar xavfsizligi hamda xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha talablar ham kuchaytirilishi kerak.
Transport kartasi bilan bir soat ichida boshqa yo‘nalishga o‘tilganda chegirmalar, ayrim hollarda esa bepul almashish imkoniyati ham saqlanadi. Qaror loyihasi 19-sentabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.