
- 7
- 24.09.2026 17:14:00
- 1 min read
Andijon viloyatida Qirg‘iziston bilan chegarada yangi “Keskanyor” chegara posti ochiladi. Bu haqda 24-sentyabr kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yangi post “Do‘stlik” chegara postiga nisbatan ikki barobar katta bo‘ladi. Uning loyihasini uch oy ichida ishlab chiqib, qurilishni boshlash topshirildi. Post yuk tashish hajmini 2–3 barobar oshirish va yuklarni yetkazib berish muddatini bir haftagacha qisqartirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, Qo‘rg‘ontepa va Xonobodda 300 gektar maydonda 600 million dollarlik logistika kompleksi tashkil etish loyihasi yil yakunigacha boshlanadi.
Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li ishga tushirilishi bilan yuk tashish hajmini yiliga 15 million tonnagacha oshirish imkoniyati paydo bo‘lishi qayd etildi.
Bundan tashqari, 78 kilometrli Xonobod–Andijon pulli avtomobil yo‘li loyihalanadi. Kelgusi yilda esa 314 kilometrli Toshkent–Andijon pulli avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanishi belgilangan.