
- 3
- 23.09.2026 17:53:00
- 1 min read
Turkiyaning Anqara shahrida 53 yoshli Mehmet Chakmak sun’iy intellekt yordamida yaratilgan suratlarni WhatsApp statusida tarqatgani uchun qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, u o‘z suratini Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va adliya vaziri Akin Gurlek bilan birga tasvirlangan suratlar yoniga joylashtirib, WhatsApp’da ulashgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Chakmak bu orqali o‘zini yuqori lavozimli amaldorlar bilan yaqin aloqasi bor va ta’sirga ega shaxs sifatida ko‘rsatishga uringanlikda gumon qilinmoqda. U Anqaraning Kechioren tumanidagi uyida qo‘lga olingan. Ma’lum qilinishicha, Chakmak avval to‘rtta alohida jinoyat bo‘yicha sudlangan.
Hozirda unga nisbatan ta’sir o‘tkazishga urinish hamda aholi orasida vahima yoki sarosimaga sabab bo‘ladigan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tergov olib borilmoqda.