
- 6
- 17.10.2026 14:58:00
- 1 min read
Buxorolik tadbirkordan “arizani tinchitish” uchun $500 ming talab qilgan Toshkentda yashovchi 72 yoshli erkak 8 yilga qamaldi. Sud hujjatlariga ko‘ra, H.Y. ismli shaxs o‘zini Prezident administratsiyasining mas’ul xodimi sifatida tanishtirib, Buxoro shahridagi MChJ rahbariga qo‘ng‘iroq qilgan. U tadbirkor rahbarlik qilayotgan jamiyat faoliyati tekshirilishi, ajratilgan kredit mablag‘lari maqsadsiz sarflangani haqida ma’lumotlar borligini aytib, uni qo‘rqitgan.
Suddagi ko‘rsatmasida H.Y. tadbirkorga yordam berishni taklif qilganini va 2025-yil 4-noyabr kuni Toshkentdagi kafeda uchrashganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 5-noyabr kuni tadbirkor muammoni hal qilish uchun pul berishni taklif qilgan. Shunda sudlanuvchi rahbarlariga pul sarflash orqali masalani hal qilishda yordam berishini aytib, 500 ming dollar so‘ragan. Erkak tadbirkordan bank kartasiga 10 million so‘m o‘tkazdirib olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi sudlanuvchini juda ko‘p miqdorda tovlamachilik jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.