
- 0
- 23.09.2026 14:06:00
- 1 min read
Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi doirasida umumiy qiymati 9,4 milliard dollarlik 206 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish va ularning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi. Shundan 2,05 milliard dollarlik 98 ta loyiha ishga tushirildi, 7,35 milliard dollarlik 108 ta loyihaning esa qurilishi boshlandi.
Loyihalar viloyatning barcha 16 ta shahar va tumanida energetika, qurilish, to‘qimachilik, mashinasozlik, ta’lim, turizm, logistika, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda amalga oshiriladi. Ular qatorida paxta-to‘qimachilik klasteri, elektr energiyasini saqlash va taqsimlash tizimi, elektr avtobuslar, quyosh panellari, mikrogidroenergetika uskunalari, zamonaviy ta’lim va tibbiyot markazlari, logistika va turizm majmualari hamda chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalari bor.
Loyihalar Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSh, Rossiya, Belarus, Germaniya, Hindiston, BAA, Tojikiston kompaniyalari va mahalliy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Yangi loyihalar natijasida 45 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilishi, yiliga 60,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 533 million dollarlik eksport imkoniyati shakllanishi kutilmoqda.
Marosim yakunida Prezident ramziy tugmani bosib, 98 ta loyihani ishga tushirdi hamda 108 ta obyekt qurilishiga start berdi.