Yoshlar zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitiladi

Yoshlar zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitiladi
  • 10
  • 17.08.2026 16:50:00
  • 1 min read

Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va uning hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu texnikumni tashkil etish uchun davlat budjetidan 72,4 milliard so‘m ajratilgan. Texnikum maydoni 5,2 gektar bo‘lib, hududda 1 100 o‘rinli ikkita o‘quv binosi, 300 o‘rinli yotoqxona, sport zali, oshxona hamda zamonaviy o‘quv ustaxonalari barpo etilgan. Shuningdek, Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or ta’lim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlanadi. 2026–2027-o‘quv yili uchun 11 ta kasb yo‘nalishida 200 nafar yosh imtihon asosida saralangan.

Kasblar shaharchasi esa transport va logistika, sanoat va qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi hamda “yashil” energetika yo‘nalishlarini qamrab olgan. Majmua ish beruvchi korxonalar bilan hamkorlikda faoliyat yuritib, yoshlarni kasbga yo‘naltirish, amaliy ko‘nikma berish va kelgusida bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Prezident uchrashuvda yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talab qilayotgan kasblarga sifatli o‘qitish va bu tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News