O‘zbekistonda 1 foizlik soliq keshbeki tizimi o‘zgartirilishi mumkin

O‘zbekistonda 1 foizlik soliq keshbeki tizimi o‘zgartirilishi mumkin
  • 0
  • 09.07.2026 11:33:00
  • 1 min read

O‘zbekistonda xaridorlarga beriladigan 1 foizlik soliq keshbeki tizimini o‘zgartirish taklif qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti ma’lum qildi. Qayd etilishicha, keshbek tizimi dastlab fiskal chek olish odatini shakllantirishda samarali bo‘lgan. Biroq, ekspertlar endilikda sun’iy intellekt, Big Data va onlayn nazorat-kassa tizimlari rivojlangani sababli ommaviy pul rag‘batlantirishiga ehtiyoj kamayganini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda keshbek to‘lovlari uchun 820 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2026-yilda bu xarajat 1,8 trillion so‘mga yetishi prognoz qilingan. Shuningdek, 2026-yil may oyida to‘langan barcha keshbeklarning 13 foizi atigi 10 ta yirik savdo tarmog‘i hissasiga to‘g‘ri kelgani qayd etilgan.
Taklifga ko‘ra, umumiy ovqatlanish va kichik chakana savdo kabi soliq xavfi yuqori sohalarda cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazgan xaridorlar o‘rtasida avtomobil, sayohat yo‘llanmalari va boshqa yirik sovrinlar o‘ynaladigan davlat lotereyalari tashkil etilishi mumkin. Hisob-kitoblarda ta’kidlanishicha, bunday tizimni moliyalashtirish uchun yiliga 100 milliard so‘mgacha mablag‘ yetarli bo‘lib, bu amaldagi keshbek tizimiga nisbatan byudjet xarajatlarini qariyb 20 baravar kamaytirishi mumkin. Mazkur taklif soliq keshbekini to‘liq bekor qilishni emas, balki uni zamonaviy raqamli soliq ma’murchiligi talablariga mos ravishda takomillashtirishni nazarda tutadi.
 

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News