Hatayda “O‘zbekiston mahallasi” va Shavkat Mirziyoyev bulvari ochildi

Hatayda “O‘zbekiston mahallasi” va Shavkat Mirziyoyev bulvari ochildi
  • 26
  • 16.06.2026 11:33:00
  • 1 min read

Turkiyaning Hatay viloyati Arsuz tumanida O‘zbekiston tomonidan barpo etilgan turar-joy majmuasi negizida tashkil etilgan “O‘zbekiston mahallasi”, shuningdek Shavkat Mirziyoyev bulvari hamda Toshkent va Samarqand ko‘chalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, Turkiya Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush, Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etgan.

Marosim davomida Turkiya parlamenti raisi Numan Kurtulmush Arsuzda O‘zbekiston tarix va madaniyatini aks ettiruvchi nomlarning abadiylashtirilishi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik ramzi ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus og‘ir kunlarda Turkiyani qo‘llab-quvvatlagan o‘zbek xalqiga bo‘lgan minnatdorlik ifodasidir.

Hatay hokimi Mustafo Masatli esa, 2023-yil 6-fevraldagi kuchli zilziladan keyin O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan yordamni turk xalqi unutmasligini bildirib, “O‘zbekiston mahallasi” nomi ikki xalq o‘rtasidagi abadiy do‘stlik timsoli ekanini qayd etgan.

Marosim yakunida Shavkat Mirziyoyev bulvari, Toshkent va Samarqand ko‘chalarining ochilishi ramzi sifatida tantanali ravishda tasma kesilgan. Mazkur majmua O‘zbekistonning Hatayni tiklashga qaratilgan gumanitar yordami doirasidagi muhim loyihalardan biri bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va qardoshlik munosabatlarining yana bir yorqin ifodasi sifatida baholangan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News