
- 0
- 23.07.2026 13:50:00
- 1 min read
O‘zbekistonda islomiy banklar faoliyatini tartibga soluvchi litsenziyalash qoidalari tasdiqlandi. Yangi tartibga ko‘ra, islomiy banklar alohida litsenziya asosida faoliyat yuritadi, amaldagi tijorat banklari esa o‘z tarkibida islomiy moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi “islomiy darcha”larni tashkil etishi mumkin.
Hujjatga muvofiq, islomiy bank operatsiyalari Markaziy bank nazorati ostida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ularning faoliyati shariat tamoyillariga muvofiqligi Shariat kengashlari tomonidan monitoring qilinadi.
An’anaviy bank tizimidan farqli ravishda, islomiy moliya foizli kreditlashni qo‘llamaydi. Uning asosini foyda va riskni hamkorlikda taqsimlash tamoyili tashkil etadi. Shu asosda banklar murobaha, musharaka, mudaraba, ijara va istisna kabi shariatga mos moliyaviy instrumentlarni taklif qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Markaziy bank rejasiga ko‘ra, 2030-yilgacha O‘zbekistonda 10 ta islomiy bank tashkil etish, shuningdek, 3 ta davlat bankida islomiy darchalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.