
- 12
- 22.01.2023 16:25:00
- 1 min read
Qirg‘izistonlik siam egizaklar o‘zbek shifokorlari tomonidan birinchi marta o‘ta noyob operasiya natijasida ajratib olindi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Siam egizaklarining jarrohlik amaliyoti O‘zbekistondagi Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya markazida o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, egizaklar o‘tgan yilning may oyida tanasining qorin qismi, aniqrog‘i, jigari bilan birlashgan holda dunyoga kelgan.

“Amaliyot 3 soat davom etdi. Bolalar bir-biri bilan jigar orqali birlashgani o‘z isbotini topdi. Bolalarni ajratganda jigardan va boshqa qon tomirlardan qon ketishining oldini olish maqsadida ultratovush va argon skalpeli, shuningdek, “Bloodstop” deb atalgan zamonaviy gemostatik materialdan foydalandik. Natijada minimal darajada qon ketishi bilan bolalar ajratib olindi”, - deydi Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya markazi rahbari Baxtiyor Ergashev.
Egizaklar muvaffaqiyatli ajratib olingach, operasiyaning keyingi bosqichida tibbiy jamoa ikki guruhga bo‘linib, ish olib bordi.
Hozirda mutaxassislar siam egizaklarining ahvolini stabil deb baholamoqda.
Siam egizaklarini ajratib olish operasiyasida ishtirok etgan mutaxassislar Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tomonidan “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

Manba: SSV