O‘zbek va polyak “biznes-ledilari” JIDU’ga yig‘ildi

O‘zbek va polyak “biznes-ledilari” JIDU’ga yig‘ildi
  • 36
  • 20.09.2024 19:51:00
  • 1 min read

Bugun, 20-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) O‘zbekiston – Polsha ishbilarmon ayollari biznes-forumi o‘z ishini boshladi.

Onlayn va oflayn formatda o‘tkazilayotgan forumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston hukumati, vazirlik, idora va tashkilotlar mas'ul xodimlari, xalqaro tashkilotlar, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi xodimlari, olimlar, shuningdek, Qoraqalpog'iston Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosarlari, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlari va boshqalar ishtirok etmoqda.

Polsha delegatsiyasiga Polsha Madaniyat va milliy meros vazirligi davlat kotibi Bojena Jelazovska, Polsha Ayollar ligasi assotsiatsiyasi raisi Aldona Mixalyak va Polsha Ayollar ligasi assotsiatsiyasi raisining o'rinbosari Silviya Rujitska boshchilik qilmoqda.

Forumni O'zbekiston Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva ochib berdi.

Ushbu forum O‘zbekiston va Polsha o'rtasida davom etayotgan hamkorlik haftaligi doirasida o'tkazilmoqda. Shuningdek, haftalik doirasida Xorazm viloyatida O'zbekiston-Polsha qo'shma biznes-forumi, Toshkent va Urganchda mashhur polshalik xonanda Anna Germanning O'zbekistonda yaratilgan qo'shiqlaridan iborat "Muhabbat sadosi" konsert dasturi, O'zbekiston va Polsha tarixchilar komissiyasining yig'ilishi, shuningdek, qator uchrashuv va muzokaralar o'tkaziladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News