Pokistonda o‘quv markazining tomi qulab tushdi

Pokistonda o‘quv markazining tomi qulab tushdi
  • 5
  • 01.07.2026 17:00:00
  • 1 min read

Pokistonning Lahor shahrida joylashgan xususiy o‘quv markazida tomning qulashi oqibatida 14 nafar bola va bir nafar o‘qituvchi halok bo‘ldi. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan 5 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda 30 yoshli ayol o‘qituvchining jasadini olib chiqqan. Qurbon bo‘lgan bolalarning aksariyati 9 yoshdan kichik bo‘lgan.

Panjob viloyati axborot vaziri Azma Boxarining so‘zlariga ko‘ra, dastlabki tekshiruvlar o‘quv markazi rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagani va eski xususiy turar joy binosida faoliyat yuritganini ko‘rsatgan. Uning ta’kidlashicha, hodisa yuzasidan beparvolik yoki qonunbuzarlik aniqlansa, aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.

Voqeadan so‘ng Panjob hukumati musson mavsumi oldidan xavfli binolarni tekshirish, ro‘yxatdan o‘tmagan o‘quv markazlari hamda xususiy ta’lim muassasalari ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Pokiston prezidenti Asif Ali Zardari halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, ta’lim muassasalarida xavfsizlik talablarini kuchaytirishga chaqirgan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News