Sud tizimida korrupsiyaga qarshi yangi tizim joriy etiladi

Sud tizimida korrupsiyaga qarshi yangi tizim joriy etiladi
  • 3
  • 09.06.2026 11:32:00
  • 1 min read

Shavkat Mirziyoyev sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda  Oliy sud tarkibida Komplayens nazorati xizmatini tashkil etish rejalashtirilashtirilayotganligi ma’lum qilindi.
 
Qayd etilishicha,  mazkur xizmat Oliy sud raisiga bo‘ysunadi va hududiy sudlarda faoliyat yurituvchi komplayens inspektorlarini ham o‘z ichiga oladi. Yangi tizim korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va oldini olish, shuningdek, xodimlarning qonunchilik hamda kasb etikasi talablariga rioya etishini nazorat qilish bilan shug‘ullanadi.
 
Shuningdek, sud tizimida xavfi yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxatini shakllantirish, ayrim jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Sudyalar hamda sud apparati xodimlari uchun manfaatlar to‘qnashuvi, daromad va mol-mulk deklaratsiyalarini topshirishning elektron tizimi joriy etiladi.
 
Bundan tashqari, 2026-yil yakuniga qadar sud tizimida korrupsiyaga qarshi barqarorlik bo‘yicha diagnostika o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Sudyalikka nomzodlarning professional va korrupsiyaga qarshi barqarorligini baholash amaliyoti ham yo‘lga qo‘yiladi. Sud ishlarini avtomatik taqsimlash dasturi takomillashtirilib, ishlarni taqsimlash va qayta taqsimlash mezonlari aniq belgilanadi. Sud apparatiga ishga qabul qilish tizimi esa, ochiq tanlov va meritokratiya tamoyillari asosida tashkil etiladi.
 
Yig‘ilishda, sud apparati xodimlari uchun maxsus xizmat kiyimini joriy etish taklifi ham ko‘rib chiqildi. Prezident sud tizimida shaffoflik va halollikni ta’minlash fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini oshirishda muhim omil ekanini ta’kidlab, takliflarni puxta ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News