
- 3
- 22.06.2026 16:36:00
- 1 min read
AQSHning Texas shtati, Xyuston shahrida O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov xotirasiga bag‘ishlangan uy-muzey faoliyat boshladi. Muzey shoir umrining so‘nggi yillarini o‘tkazgan xonadonda tashkil etilgan bo‘lib, unda Abdulla Oripovning ijodiy merosi, shaxsiy buyumlari va hayotiga oid turli eksponatlar jamlangan.
Ochilish marosimida shoirning turmush o‘rtog‘i Xanifa aya, farzandlari, kuyovlari, nabiralari, shuningdek, AQSHda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi. Ma’lum qilinishicha, uy-muzeyni tashkil etish tashabbusi ilk bor Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Qashqadaryodagi uchrashuvlardan birida ilgari surilgan. Shundan so‘ng, mazkur loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan. Ushbu uy-muzeyning Abdulla Oripovning boy adabiy merosini targ‘ib qilish va kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Abdulla Oripov (1941–2016) zamonaviy o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri bo‘lib, “Mening yurtim”, “O‘zbekiston”, “Sohibqiron”, “Haj daftari” kabi mashhur she’r va dostonlar muallifidir. Shoir tarjimonlik bilan ham shug‘ullanib, Dantening mashhur “Ilohiy komediya” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, Abdulla Oripov O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini ham yozgan. 1998-yilda esa, Oʻzbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.