Pensiya yoshi nega oshirilmoqda? Pensiya jamg‘armasi rahbari sabablarni tushuntirdi

Pensiya yoshi nega oshirilmoqda? Pensiya jamg‘armasi rahbari sabablarni tushuntirdi
  • 8
  • 17.09.2026 11:23:00
  • 2 daq o'qish

O‘zbekistonda pensiyaga chiqish yoshini oshirishning bir necha sababi bor. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi direktori Murodbek Otajonov “Lolazor” loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, asosiy sabab — aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi oshgani. 1993-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish 67,3 yosh bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 75,4 yoshga yetgan. Erkaklarda o‘rtacha umr 72,39 yosh, ayollarda esa 77 yoshni tashkil qilgan. Shuningdek, fuqarolarning pensiya olish muddati ham uzaygan. 1993-yilda erkaklar pensiyaga chiqqach, o‘rtacha 5 yil pensiya olgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 13 yilga yetgan. Ayollarda esa 15 yildan 22 yilgacha oshgan.
Pensiya xarajatlarining ortishi davlat budjetiga tushadigan yuklamani ham kuchaytirmoqda. Hozir Pensiya jamg‘armasi xarajatlarining qariyb 26 foizi, ya’ni 2026-yilda taxminan 23 trillion so‘m davlat budjeti hisobidan qoplanmoqda. Tizim o‘zgarmasa, 2030-yilga borib bu ulush 40 foizgacha yetishi mumkin.
Hozir O‘zbekistonda 4,3 million nafar pensioner bor. Bu aholining 11,2 foizini tashkil qiladi. 2040-yilga borib pensionerlar soni 8 million nafarga, ularning aholidagi ulushi esa 15 foizga yetishi prognoz qilinmoqda.
Pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga oid prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, 2028-yildan pensiya yoshi bosqichma-bosqich oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Unga ko‘ra: 2028-yildan har yili 3 oyga oshiriladi. 2039-yilda erkaklar uchun 63 yoshga, ayollar uchun esa 58 yoshga yetkaziladi.
Hozir erkaklar 60 yoshda, ayollar esa 55 yoshda pensiyaga chiqmoqda.
Shuningdek, yoshga doir pensiya uchun talab qilinadigan eng kam ish stajini 2034-yilgacha bosqichma-bosqich 7 yildan 15 yilga oshirish taklif qilinmoqda.
Farmon loyihasi 2026-yil 30-sentabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News