
- 7
- 22.10.2026 11:23:00
- 1 daq o'qish
2026-yil 25–28-oktabr kunlari Turk dunyosi mamlakatlari o‘rtasida muhandislik, texnologiya va ishlab chiqarish sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan V Turk dunyosi xalqaro muhandislik sammiti Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi CASIA.UZ’ga ma’lum qildi.

Turk muhandislari uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Turkiya ishbilarmonlar uyushmasi (UTİD)ning asosiy hamkorligida tashkil etiladigan ushbu sammitda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi va Vengriyadan muhandislar, akademiklar, davlat idoralari hamda texnologik kompaniyalar vakillari ishtirok etadi.
“Muhandislik va texnologiyada mushtarak kelajak” mavzusidagi sammit doirasida sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, mudofaa sanoati, aloqa, energetika va qurilish sohalari muhokama qilinadi. Ikki tomonlama biznes uchrashuvlari orqali qo‘shma investitsiyalar, texnologiyalar transferi va ilmiy-tadqiqot imkoniyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, sammitda umumiy muhandislik standartlarini ishlab chiqish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish hamda turkiy davlatlar muhandislari havzasini shakllantirish kabi strategik hamkorlik tashabbuslari ko‘rib chiqiladi.
Toshkentda o‘tkaziladigan sammit turkiy davlatlar o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma ishlab chiqarish salohiyatini oshirish va uzoq muddatli iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishga hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Turkiy dunyo xalqaro muhandislik sammiti — turkiy davlatlar muhandislarni yagona platformada birlashtirish, bandlik va ta’lim sohalarida yangi imkoniyatlar ochishni maqsad qilgan Birinchi Turkiy dunyo muhandislik sammiti 2024-yilda Anqarada o‘tkazilgan.