Saudiya Arabistonidagi hujumlar ortidan o‘zbekistonliklar aviareyslardagi o‘zgarishlardan ogohlantirildi

Saudiya Arabistonidagi hujumlar ortidan o‘zbekistonliklar aviareyslardagi o‘zgarishlardan ogohlantirildi
  • 11
  • 09.10.2026 16:39:00
  • 1 daq o'qish

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi Qirol Xolid xalqaro aeroportida samolyot yonib ketdi. Hodisa 8-oktabr kuni husiylar aeroportga ballistik raketa uchirganini da’vo qilganidan so‘ng yuz berdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Guvohlar aeroportdagi samolyotdan qora tutun va alanga ko‘tarilganini bildirgan. Yong‘in o‘chirilgan, biroq samolyotga yetkazilgan zarar miqdori hozircha noma’lum. Saudiya Arabistoni rasmiylari raketa hujumini tasdiqlamagan.

Hodisalar ortidan ayrim aviakompaniyalar Ar-Riyodga parvozlarini to‘xtatgan, qator reyslar bekor qilingan. Saudiya Arabistonidagi elchixona esa mamlakatda bo‘lgan va u yerga borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarni aviareyslar jadvalidagi ehtimoliy o‘zgarishlardan ogohlantirdi.

Fuqarolarga parvoz va tranzit ma’lumotlarini oldindan tekshirish, Saudiya Arabistoni va Yaman chegarasiga yaqin hududlarga bormaslik, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish hamda tekshirilmagan xabarlarni tarqatmaslik tavsiya etildi.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi ichki vaziyat barqaror, biroq mintaqadagi keskinlik parvozlar kechikishi va yo‘nalishlar o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News