“O‘zbekiston 24” telekanalida maktab hovlisini obodonlashtirilmaganlikda o‘qituvchilar ayblandi

“O‘zbekiston 24” telekanalida maktab hovlisini obodonlashtirilmaganlikda o‘qituvchilar ayblandi
  • 10
  • 30.10.2023 17:04:00
  • 2 daq o'qish

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga 24 oktyabr kungi tashrifida Qarshi tumani markazi – Beshkent shahridagi 12-maktabga rejadan tashqari kirib borgan edi. “O‘zbekiston 24” telekanali bu maktabdagi holatni tanqidiy ruhda yoritdi.

Telekanal lavhasida maktab o‘tgan yili kapital ta’mirlangani (shu telekanalning boshqa bir lavhasida ikki yil oldin ta’mirlangani aytilgan), lekin haligacha yangi parta, stol-stul kabi jihozlar yetib kelmagani, kapital ta’mirdan chiqqan maktab binosida hatto tarnov o‘rnatilmagani, stadion qurilishi o‘lda-jo‘lda qolib ketgani aytiladi.

Majburiy mehnat – qonunga zid

Maktablar hududini obodonlashtirish – o‘qituvchining funksional vazifasiga kirmaydi. O‘qituvchini o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish esa majburiy mehnat hisoblanadi va bu prezidentning bir qator qarorlari va qonunlar bilan taqiqlangan.

Shu yil mart oyida pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun jinoiy javobgarlik ham belgilangan.

Sentyabrda Senat tomonidan ma’qullangan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunda ham pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanishi yozilgan.

Shu sababli, davlatning asosiy yangiliklar telekanalida bildirilgan yuqoridagi fikrlar jamoatchilik tanqidlariga sabab bo‘lmoqda.

“Maktab ostonasiga qadam qo‘ygan kishining xafsalasi pir bo‘ladi. Shaharchadagi maktab hovlisi qurib-qaqshab yotgan cho‘lni eslatadi. Birorta yangi ekilgan ko‘chat yoki dov-daraxt ko‘zga tashlanmaydi. Axir o‘qituvchilar majburiy mehnatdan ozod qilindi, maoshi oshdi, jamiyatdagi mavqeyi yuksaldi. Hech bo‘lmasa, shuncha imkoniyatga javoban, o‘zi ishlayotgan maktab hovlisini gullatib-yashnatib qo‘yishi mumkin-ku!

Balki bu yerdagi pedagoglar xafsalasizligi, befarqligi bilan o‘quvchi yoshlarga o‘rnak bo‘lmoqchidir?” – deyiladi ko‘rsatuvda.

Manba: kun.uz

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News