Ispaniya kompaniyasi Samarqandda 100 mln dollarlik suv tozalash inshootini quradi

Ispaniya kompaniyasi Samarqandda 100 mln dollarlik suv tozalash inshootini quradi
  • 5
  • 22.05.2023 07:38:00
  • 2 daq o'qish

Ispaniya kompaniyasi Samarqand viloyatida qiymati 100 mln dollar bo‘lgan oqava suv tozalash inshootini quradi. 

Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston elchisi Jahongir G‘aniyev Ispaniyaning Almar Water Solutions kompaniyasi institutsional aloqalar bo‘yicha direktori Luis Blanko hamda Marketing va biznesni rivojlantirish departamenti boshlig‘i Manuel Garsia Kalvola bilan muzokaralar o‘tkazdi. 

Uchrashuvda O‘zbekistonga  to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, oqava suv tozalash inshootlarini tozalash sohasida  tajriba almashish masalalari  muhokama qilindi. Ispaniya  vakillari O‘zbekistonda oqava suv tozalash inshootlarini qurish va modernizatsiya qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalarda o‘z texnologiyalari va sarmoyalari bilan  ishtirok etishga katta qiziqishi borligini bildirdi.

Xorij tomoni maʼlumotiga ko‘ra, Almar Water Solutions kompaniyasi vakillari 1—2-mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Ispaniya Hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishi doirasida tashkil etilgan biznes-forumda ishtirok etgan. Kompaniya Samarqand viloyati hokimligi bilan Kattaqo‘rg‘on shahrida qiymati 100 million AQSH dollariga  teng oqava suv tozalash inshootini DXSH asosida qurish va boshqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolagan.

Ushbu loyiha doirasida ispan kompaniyasi dastlab izlanishlarni boshlash va kerakli hujjatlarni ishlab chiqish maqsadida  O‘zbekistonning  tegishli tashkilotlari bilan muhokamalarni davom ettirish istagini qayd etdi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida tomonlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalarni  jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston  tomonidan maʼsul tashkilotlar vakillari bilan  muloqotlarni o‘tkazish masalasini ishlab chiqishga kelishib olindi.

O‘zbekistonda suvni tejaydigan texnologiyalar

Aprel boshlarida “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilingandi.

Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi belgilanadi:

  • tijorat banklari kreditlarining garov taʼminoti 50 foizgacha, biroq 2,5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kafilligi asosida taʼminlanadi;
  • tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Jamg‘arma hisobidan kompensatsiya taqdim etiladi.

Shuningdek, Ispaniya O‘zbekistonning uzoq aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihalarini amalga oshirishi aytilgan edi. 

 

Manba: daryo.uz

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News