Prezident sanoat korxonalarini elektrdan ogohlantirishsiz uzmaslik bo‘yicha topshiriq berdi

Prezident sanoat korxonalarini elektrdan ogohlantirishsiz uzmaslik bo‘yicha topshiriq berdi
  • 2
  • 09.09.2023 08:27:00
  • 2 daq o'qish

Prezident Energetika vazirligiga sanoat korxonalarini ogohlantirmasdan elektrdan uzib qo‘yish amaliyotiga «qat’iy chek qo‘yish» bo‘yicha topshiriq berdi. Bosh vazir boshchiligidagi komissiya qo‘shimcha ishlab chiqarish hajmlarini hisobga olgan holda har oyda hududlar bo‘yicha energiya balansini ishlab chiqishi kerak. 

Shavkat Mirziyoyev 8 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Energetika vazirligiga sanoat korxonalarini oldindan xabardor qilmasdan elektr ta’minotidan uzish amaliyotiga «qat’iy chek qo‘yish» bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Davlat rahbari, avvalo, energiya resurslari ta’minoti bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratish muhimligini ko‘rsatdi.

Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi komissiyaga bir oy muddatda barcha hududlarda bo‘lib, qo‘shimcha ishlab chiqarish hajmlarini hisobga olgan holda hududlarning oylik energiya balansini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, komissiya joriy yilda ishga tushiriladigan loyihalarni birma-bir xatlovdan o‘tkazib, ularga zarur energiya resurslarini ajratishi kerak.

Prezident qo‘shimcha ishlab chiqarish hajmlari haqida gapirar ekan, sanoat ishlab chiqarish hajmini oshirishning yangi imkoniyat va zaxiralarini aniqlash maqsadida ishchi guruhlar hududlarga borganini ta’kidladi. Masalan, Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida yil oxirigacha qo‘shimcha 1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Jumladan, ishlab chiqarishni kamaytirgan 23 ta sanoat korxonasida quvvatlarni tiklash hisobiga 900 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha barcha hisob-kitoblar bor. Tumandagi 22 ta yangi loyihani ishga tushirishni tezlashtirish evaziga qo‘shimcha 50 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish imkoni bor.

Yig‘ilishda Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Xorazm viloyatlarida ham ana shunday imkoniyatlar borligi qayd etildi.

Manba: gazeta.uz

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News