
- 5
- 16.10.2023 12:35:00
- 1 daq o'qish
G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMAS guruhining harakatlari va siyosati Falastin xalqi manfaatlarini aks ettirmaydi, dedi Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos Venesuela rahbari Nikolas Maduro bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida. Siyosatchilar o‘rtasidagi suhbatdan parchalar 16-oktyabr, dushanba kuni Falastinning WAFA axborot agentligi tomonidan e’lon qilindi.
Abbos ham falastinliklar, ham isroilliklar o‘rtasida tinch aholining o‘ldirilishiga qarshi ekanini bildirdi, shuningdek, “har ikki tomondan tinch aholi, asirlar va qo‘lga olinganlarni” ozod qilishga chaqirdi, deb yozadi WAFA. Ikki davlat rahbarlarining suhbatiga ko‘ra, Falastin—Isroil mojarosi siyosiy yechim bilan yakunlanishi kerak, bunga esa zo‘ravonliklarsiz erishiladi.
Falastin rahbari, shuningdek, “xalqi G‘azo sektoridan ko‘chirilishini butunlay rad etishi”ni ta’kidlab, bu “falastinliklar uchun ikkinchi Nakba” (falastinlik arablarning 1947—1949-yillardagi arab-isroil urushi natijasida ommaviy ko‘chishi) bo‘lishini ta’kidladi.
“G‘azo sektorida gumanitar yo‘laklar ochilishi, aholi suv va dori-darmon bilan ta’minlanishi kerak”, — dedi Abbos.