Prezidentning yangi farmoni ommaga e’lon qilindi

Prezidentning yangi farmoni ommaga e’lon qilindi
  • 6
  • 12.06.2023 17:01:00
  • 2 daq o'qish

«Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–91-son, 12.06.2023-y.) qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvargacha «Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi» va «Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri»ga kiritilgan hunarmandlar uchun:

- kalendar yil davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilishdan tushgan tushumning 100 million so‘mdan oshgan, biroq 1 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdori bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi;

- tovar belgilarini milliy ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.

2023-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kasanachilik va hunarmandchilikni rivojlantirishga ajratilayotgan mablag‘larning kamida 70 foizi hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi etib qayta nomlandi va 2023-yil 15-iyundan hunarmandchilikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan subsidiyalar ro‘yxati (quyida keltirilgan) tasdiqlandi.

2023-yil 1-iyuldan:

- hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari sifatida jo‘natish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (jo‘natish xarajatlarisiz) 50 foizidan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi;

- davlat mulki bo‘lgan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlarini hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun faqat Milliy katalog va Reyestrga kiritilgan hunarmandlarga elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibi joriy etiladi.

2024-yil 1-martgacha «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga tutash hududda 0,3 gektar yer uchastkasida namoyish zali, «Usta-shogird» maktabi va ustaxonani o‘z ichiga olgan Hunarmandlar maskani barpo etiladi va har bir hunarmandga 100 kvadrat metrgacha joylar ijaraga beriladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News