Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” dasturi amalga oshiriladi

Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” dasturi amalga oshiriladi
  • 6
  • 14.11.2023 14:12:00
  • 2 daq o'qish

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Zangiota tumanida “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Hujjat loyihasida qayd etilishicha, “Mening birinchi uyim” dasturi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Turkiyaning TOKI davlat kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

Dastur doirasida amalga oshiriladigan qurilish ishlarini muvofiqlashtirish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirish direksiyasi tashkil etiladi.

Belgilanishicha:

  • ko‘p kvartirali uy-joylar, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlarini samarali joylashtirish, loyihalashtirish hamda qurish ishlarini tashkil etish direksiya tomonidan amalga oshiriladi;
  • ko‘p kvartirali uy-joylar, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlarini loyihalashtirish va qurish ishlarini amalga oshiradigan tadbirkorlik subyektlari tender savdolari asosida aniqlanadi.
  • Dastur doirasida quriladigan uy-joylar aholiga imtiyozli va bozor shartlarda realizatsiya qilinadi;
  • imtiyozli uy-joylar oxirgi 5 yil davomida mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo‘lmagan oilalarga, 15 foiz miqdorda boshlang‘ich to‘lov asosida 20 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlarida realizatsiya qilinadi;
  • uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga imtiyozli uy-joylar bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovining bir qismini qoplash uchun – qatʼiy belgilangan 32 million so‘m miqdorida, oylik to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun – besh yil davomida har oylik qatʼiy belgilangan 1 million so‘m miqdorida davlat budjeti hisobidan subsidiyalar ajratiladi.

Direksiyaga dasturni amalga oshirish doirasida quyidagi huquqlar beriladi:

  • tadbirkorlik subyektlari bilan davlat-xususiy sherikchilik bitimlarini tuzish va bitim shartlarini mustaqil belgilash;
  •  “22626” maxsus hisobvarag‘ini ochish va undagi mablag‘lardan foydalanish.

Quyidagilar dasturni amalga oshirishning moliyalashtirish manbalari etib belgilanmoqda:

  • ko‘p kvartirali uy-joylar, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, bozor infratuzilmasi obyektlarini loyihalashtirish va qurish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun – direksiya va tadbirkorlik subyektlarining mablag‘lari, tijorat banklarining kreditlari;
  • ijtimoiy infratuzilma obyektlari (maktabgacha va umumiy o‘rta taʼlim muassasalari hamda tibbiyot punktlari)ni loyihalashtirish va qurish uchun — davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar, Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar. Bunda, ijtimoiy soha obyektlari davlat-xususiy sheriklik asosida qurilganda, moliyalashtirish davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq amalga oshiriladi.
Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News