O‘tgan 8 oy davomida kuzatilgan eng yirik ovqatdan zaharlanish holatlari haqida maʼlumot berildi

O‘tgan 8 oy davomida kuzatilgan eng yirik ovqatdan zaharlanish holatlari haqida maʼlumot berildi
  • 6
  • 25.09.2023 16:58:00
  • 2 daq o'qish

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida joriy yil davomida ovqatdan zaharlanish bo‘yicha yirik holatlar haqida maʼlumot berdi.

Taʼkidlanishicha joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida 39 ta holatda guruhli zaharlanish qayd etilib, ularda 414 nafar fuqaro jabrlangan, ularning 86 nafarini bolalar tashkil etadi.

Samarqand viloyati

Urgut tumanidagi to‘yxonalarning birida 136 nafar shaxs jabrlangan. To‘yda uy sharoitida tayyorlangan mayonezli salat mehmonlarga tortilgan va zaharlanish kuzatilgan. Zaharlanganlardan 7 nafarini bolalar tashkil qiladi. Bemorlarga ovqat toksinikfeksiyasi tashxisi qo‘yilgan.

Yana bir holatda Samarqand shahridagi tez tayyorlanuvchi ovqatlar sotuvchi oshxonada uy sharoitida tayyorlangan, saqlash qoidalariga rioya etilmagan sabzi salatidan foydalanilgan. Natijada 49 nafar shaxs ovqat toksinikfeksiyasi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Jabrlanganlardan 18 nafari bolalardir.

Jizzax viloyati

Jizzax shahrida joylashgan oshxonalarning birida xo‘randalarga tortiq etilgan mayonezli salat tufayli 63 nafar shaxs jabrlangan. Ular orasida 7 nafar bola ham bor. Bemorlarga ovqat toksinikfeksiyasi tashxisi qo‘yilgan.

Qashqadaryo viloyati

Chiroqchi tumani dehqon bozori hududidagi tez tayyorlanuvchi ovqatlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi shoxobchadan ovqatlangan 11 nafar shaxs jabrlangan. Ularga o‘tkir ichak infeksiyasi tashxisi qo‘yilgan. Zaharlanganlar orasida 1 nafar bola ro‘yxatga olingan.

Toshkent shahar

Sergeli tumanidagi 600-maktabgacha taʼlim tashkiloti (MTT)ga autsor xizmat ko‘rsatuvchi Good food catering MCHJ tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining noto‘g‘ri saqlanishi tufayli 12 nafar bola jabrlangan. Bemor bolalarga guruhli o‘tkir diareya tashxisi qo‘yilgan.

Toshkent viloyati

Angren shahridagi 10- MTTning oshxonasi sanitariya qoida va me’yorlariga zid ravishda faoliyat yuritgani aniqlangan. Bog‘chada sifati kafolatlanmagan mahsulotlardan foydalanganlik oqibatida 27 nafar bola jabrlangan. Ularga guruhli ovqatdan zaharlanish tashxisi qo‘yilgan.

Manba: Daryo.uz

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News