DXX Namangan va Toshkent viloyatlarida 19 kg gashish giyohvandlik vositasining kontrabandasiga chek qo‘ydi

DXX Namangan va Toshkent viloyatlarida 19 kg gashish giyohvandlik vositasining kontrabandasiga chek qo‘ydi
  • 7
  • 09.09.2023 11:49:00
  • 1 daq o'qish

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi, deb xabar beradi O‘zA.

Xususan, Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi 48 yoshli fuqaroning yashash xonadonida Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 9 kilogramm 766 gramm gashish moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Andijon—Namangan yo‘nalishida harakatlanayotgan, Paxtaobod tumanida yashovchi 28 yoshli fuqaro boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashina DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Uychi tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada, uning salon qismida Qirg‘izistondan olib kelingan 1 kilogramm 379 gramm gashish moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Piskent tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilib, xufiya joyga yashirib ketilgan 8 kilogramm gashish moddasini qabul qilib olgan vaqtlarida Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1975 va 1981-yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs ushlangan.

Shuningdek, Bekobod shahrida yashovchi 27 yoshli fuqaro ushbu giyohvandlik vositasini muqaddam mazkur joyga qoldirib ketgani aniqlanib, u ham qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Manba:Daryo.uz

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News