Suriyadagi terror tashkilot a’zosi bo‘lgan namanganlik yigitga sud hukmi o‘qildi

Suriyadagi terror tashkilot a’zosi bo‘lgan namanganlik yigitga sud hukmi o‘qildi
  • 8
  • 23.09.2023 12:47:00
  • 1 daq o'qish

Ma’lum qilinishicha, 21-sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida Jinoyat kodeksining 155-2-moddasi (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) 1- va 2-qismlari, 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bilan ayblanayotgan fuqaroga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.

Sud materiallariga ko‘ra, 1987-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan fuqaro 2016-yil 6-sentyabr kuni yaqin do‘stining taklifi bilan Turkiyaning Istanbul shahriga borgan. Bir yildan so‘ng Istanbuldan Suriyaga o‘tib, “Xay’at Taxrir Shom” xalqaro terroristik tashkilotiga qo‘shilgan. U yerda 2017-yilning dekabr oyiga qadar terrorchilarni tayyorlash lagerida jangavor tayyorgarlik o‘tagan.

 

2018-yil sentyabr oyida esa terroristik tashkilot safini kengaytirish uchun Turkiyaga qaytgan va 2022-yil dekabr oyiga qadar bir guruh shaxslarni yollab, ularni Suriyaga jo‘natishni tashkillashtirgan.

Sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining yuqorida keltirilgan moddalari bilan uzil-kesil 9 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Manba: xabardor.uz

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News