“Dunyo sadolari”: Festival yana e’tiborni tortmoqda

“Dunyo sadolari”: Festival yana e’tiborni tortmoqda
  • 0
  • 26.07.2025 08:37:00
  • 2 daq o'qish

15–17-avgust kunlari Andijon viloyati Xonobod shahrida navbatdagi “Dunyo sadolari” xalqaro estrada festivali o‘tkaziladi. Festivalda turk xonandasi Mustafa Sandal, eronlik Arash, italiyalik In-Grid, hindistonlik Alisha Chinay, Arabesque guruhi va bir qator mahalliy san’atkorlar sahnaga chiqadi.
Daryo nashri festivalga sarflanayotgan mablag‘lar va shubhali shartnomalarga e’tibor qaratgan. “Daryo” nashriga ko‘ra, festival uchun 6 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. O‘tgan yilgi festivalga 8 milliarddan ortiq mablag‘ sarflangan.
Eng qimmat san’atkor — Arash, uni olib kelish uchun 2 mlrd 95 mln so‘m (taxminan 164 ming dollar) sarflanmoqda. Mustafa Sandal — 2 mlrd 49 mln so‘m (160 ming dollar).
In-Grid va Alisha Chinay uchun jami 837 mln so‘m (65 ming dollar).
Tadbirlar tashkilotchilari bilan ishlovchi mutaxassislar aytishicha, ushbu san’atkorlarni aslida deyarli ikki barobar arzon narxda olib kelish mumkin. Arash va Mustafani birgalikda 200 ming dollarga, qolgan ikki xonandani esa 20 ming dollarga taklif qilish mumkin.
Xonandalarni kim olib kelyapti?
🔹 Arash — Namangandagi “Qatag‘on Ideal Market” MCHJ, faoliyati: chakana savdo
🔹 Mustafa Sandal — Pop tumanidan “Bregin Milk Soft” MCHJ, faoliyati: qoramol yetishtirish
🔹 In-Grid va Alisha Chinay — “Magnat Construction Planet”, faoliyati: ulgurji savdo
Aniqlanishicha, bu kompaniyalarning san’at yoki tadbir tashkilotchiligiga mutlaqo aloqasi yo‘q, ayrimlari endi-endi ro‘yxatdan o‘tgan va barchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri, tanlovsiz shartnoma olgan.
Yana bir fakt: Arash va Alishani olib kelayotgan ikki firma bir odamga — Azizov Akbarali Kambarovichga tegishli.
Tadbir uchun yana:
🔸 Havo shari (aerostat) — 350 mln so‘m, yetkazib beruvchi: festivaldan 10 kun oldin ro‘yxatdan o‘tgan “Oltin Tosh Ulgurji”;
🔸 Sahna, yoritish, ekranlar va dekor — 1,25 mlrd so‘m, bajaruvchi: “Dunyo sahnalari” MCHJ, shartnoma tuzilganidan 1 kun avval tashkil etilgan!
Antikorrupsiya agentligi hozirda ushbu holatni o‘rganmoqda.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News