Shavkat Mirziyoyev: Toshkentni toza havoli megapolislardan biriga aylantirish ishlarini jadallashtiramiz

Shavkat Mirziyoyev: Toshkentni toza havoli megapolislardan biriga aylantirish ishlarini jadallashtiramiz
  • 4
  • 05.07.2023 14:27:00
  • 1 daq o'qish

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 5 iyul kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning Toshkent shahri bo‘yicha bo‘yicha ishonchli vakili Rustam Kalonov ochdi.  Shavkat Mirziyoyev rahbarligida azim poytaxtimizda ham katta islohotlar amalga oshirilgani, Toshkent ilm-fan markazi va megapolisga aylanayotgani, har tomonlama rivojlanayotgani ta’kidlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.

Nomzod dastlab kelgusi yetti yilda poytaxtni “yashillashtirishga” oid rejalari haqida to‘xtaldi.

– Bugungi kunda poytaxtimizda yashil maydonlar 900 gektarni tashkil qiladi. Kelgusi yetti yilda bu hududni 5 barobar ko‘paytirib, 5 ming gektarga yetkazamiz. Buning uchun  shahar bo‘ylab har yili kamida 1 million dona manzarali, mevali ko‘chatlar va qalamchalar ekiladi; har bir mahallada 1 mingtadan daraxt ko‘chatlari ekish ishlari davom ettiriladi; Yashnobod, Yangihayot, Sergeli va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida 4 ming gektar maydonda yashil va “tematik” bog‘lar barpo qilinadi.

Bundan tashqari, shahar bo‘ylab 100 kilometr velosiped yo‘laklari, 32 ta sayilgoh, 30 ta yashil hudud va xiyobonlar barpo qilinadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi Toshkent hududidagi 50 gektar maydonda yirik “Akvapark” qurilishi, ushbu maqsad uchun 200 million dollar mablag‘ ajratilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, nomzodning ta’kidlashicha, Yangi Toshkent hududida umumiy maydoni 35 gektar bo‘lgan sun’iy ko‘l tashkil qilinib, odamlarimizning madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit yaratiladi.

manba: uza.uz 

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News