
- 5
- 06.09.2023 07:38:00
- 2 daq o'qish
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 sentyabr kuni Yangi Toshkent shahrining Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.
Bugungi kunda Toshkent shahrida yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 million nafarni tashkil qilmoqda. Ko‘plab uy-joylar, muassasalar barpo etilib, infratuzilma tarmoqlariga yuklama ortmoqda. Shunga qaramay, yana yiliga 20 ming xonadonli uylar, 40 dan ortiq maktab, bog‘cha, poliklinika qurishga talab bor. Urbanizatsiya sur’atidan kelib chiqilsa, yaqin yillarda aholi soni yanada Ko‘payishi ko‘zda tutilmoqda.
Joriy yil 20 iyulda Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Bosh vazir rahbarligida Yangi Toshkentni barpo etish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi hamda direksiya tashkil etildi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida bu loyihaga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy qilindi.
Ushbu ulkan loyiha uchun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 720 gektar yer tanlab olingan. Birinchi bosqichda 2,5 ming gektarda 100 ming aholi uchun uy-joylar va infratuzilma ob’yektlari qurish rejalashtirilgan. Direksiya tomonidan yetakchi xorijiy kompaniyalar jalb etilib, rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan amaliyotlar asosida Bosh reja, tarmoq rejalari va manzilli dasturlar ishlab chiqilmoqda.
“ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasida Bosh reja loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Bu komponentlar loyihasi Singapur, Angliya, Xitoy, Germaniya, Turkiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, BAA kabi davlatlarning 20 ta ilg‘or kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Davlatimiz rahbari infratuzilma tarmoqlarini ilg‘or standartlar bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ta’kidladi.
O‘ttiz ikki yillik mustaqil tariximizda birinchi marta bunday shahar qurayapmiz, bunga dunyodagi ilg‘or kompaniyalarni jalb qilayapmiz. Lekin bizdagi sohalar, standartlar shunga mosmi, - deya savol qo‘ydi Shavkat Mirziyoyev. - Ular zamonaviy loyihalar bilan hamohang bo‘lishi kerak. Shuning uchun qurilish, energetika, kommunal, ekologiya, irrigatsiya, transport kabi hamma tegishli sohalardagi qonunlarni, standartlarni jahonning eng yuqori talablariga muvofiq takomillashtirish zarur.
Prezident Bosh reja asosida yil yakuniga qadar batafsil loyihalash ishlarini yakunlash, birinchi bosqich inshootlari bo‘yicha loyihachi va quruvchi korxonalarni aniqlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Bo‘lajak binolar va infratuzilma ekspluatatsiyasini hozirdan o‘ylash, bu bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
Manba: president.uz