Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston va Tojikiston Prezidentlari bilan uchrashadi

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston va Tojikiston Prezidentlari bilan uchrashadi
  • 3
  • 03.08.2023 09:59:00
  • 2 daq o'qish

Ertaga, 4-avgust kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev, Imomali Rahmon va Serdar Berdimuhamedovning uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Neytralniy Turkmenistan” rasmiy gazetasi xabar berdi.

Turkmaniston iqtisodchilar ittifoqi raisi Yuriy Aronskiyning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda uch davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, ularning sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va fan sohalarida hamkorligi ko‘rib chiqilishi mumkin.

“Shuningdek, transport yo‘laklarini, birinchi navbatda, temir yo‘llarni yanada rivojlantirish, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo tartib-taomillarini yengillashtirish masalalarini ko‘rib chiqish, xususan, konteyner tashuvining o‘tkazuvchanligi va hajmini oshirish, yuklarni tashish va saqlash bo‘yicha qo‘shma terminallar yaratish haqida gap ketishi mumkin”, deydi Yuriy Aronskiy.

Turkmaniston-O‘zbekiston hamkorligi nuqtai nazaridan Amudaryo orqali o‘tgan avtomobil va temir yo‘l ko‘priklari muhim rol o‘ynaydi. Ular Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Janubiy Osiyo davlatlaridan Kaspiy dengiziga, so‘ngra Qora dengiz va O‘rta yer dengizi mintaqalariga, Yevropa, Kavkaz va Yaqin Sharq mamlakatlariga yuk oqimlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish yo‘lini ochadi.

Turkmaniston-Tojikiston munosabatlarida esa transport, suv energetikasi va ekologik sohalardagi o‘zaro hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Ikki davlatning sa’y-harakatlari Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq transport tizimlarini birlashtirishni ta’minlaydigan kuchli va zamonaviy infratuzilmani yaratishga qaratilgan. Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Manbada aytilishicha, Turkmanistonda Ashxobod-Turkmanobod tezyurar avtomobil yo‘li qurilishi davom etmoqda. Bu yo‘l Ashxobod-Turkmanboshi avtomagistrali bilan tutashtirilgandan so‘ng Turkmanboshi dengiz portiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish mumkin bo‘ladi. Bu Markaziy Osiyoning tranzit imkoniyatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishi, jahon bozorlariga chiqishni kengaytirishi, investitsiyalar oqimini ta’minlashi va iqtisodiy o‘sish uchun yangi shart-sharoitlar yaratishi kutilmoqda.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News