
- 0
- 14.06.2025 07:55:00
- 1 daq o'qish
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindistonning Gujarat shtatida joylashgan Ahmadobod shahri yaqinida ro‘y bergan dahshatli aviavaziyat oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Hindiston Prezidenti Droupadi Murmu va Bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya maktubi yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Davlat rahbari halokatda jon berganlarning oila a’zolari va yaqinlariga, shuningdek, butun Hindiston xalqiga chuqur hamdardlik izhor etdi. Shuningdek, jarohat olganlarga tez fursatda shifo tiladi.
Hindiston politsiyasi bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Air India aviakompaniyasiga tegishli samolyot qulash oqibatida bortdagi barcha 244 kishi — 230 nafar yo‘lovchi, 2 nafar uchuvchi va 12 nafar bort kuzatuvchisidan hech biri tirik qolmagan. Quruqlikdagi qurbonlar soni hozircha aniqlashtirilmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, halokatga uchragan samolyotda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmagan.